Yangiliklar

     Word, Excel va PowerPoint bo‘yicha “o‘zbek tilidagi birinchi to‘laqonli videodarsliklar” tayyorlandi.                                                                                                                                                                        Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi uch yigit — abituriyent, talaba va oliy ta’lim muassasasi bitiruvchisi qiziqarli yo‘nalishda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Yigitlar ofis dasturlari to‘plamiga kiruvchi Word, Excel hamda PowerPoint dasturlari uchun to‘liq o‘zbek tilidagi videodarsliklarni tayyorlab, sotuvga chiqardi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining 21 yoshli talabasi B.Muhiddinov hamda aka-uka Qodirovlar (A.Qodirov, 23 yosh, Toshkent moliya instituti bitiruvchischi; Sh.Qodirov, 20 yosh, abituriyent) birgalikda tayyorlagan o‘z videomahsulotlarini “o‘zbek tilidagi birinchi to‘laqonli videodarsliklar” deb hisoblaydi.
“Bunday deb atashga asosimiz bor. Chunki aynan o‘zbek tilida avval ishlab chiqarilgan bu turdagi mahsulotlarning hech biri Word, Excel, PowerPoint kabi dasturlarda to‘liq ishlashni o‘rgatmaydi”, — deya ta’kidlaydi B.Muhiddinov.
Yosh tadbirkorlar o‘z videodarsliklari va videokurslarini tarqatish va sotish uchun maxsus — videokent.uz saytini ishga tushirgan. Saytda qayd etilishicha, “asosiy mahsulotlarning barchasi bepul hamda ochiq tarqatilishiga qaramay (bepul darsliklar bilan, masalan, Mover’da tanishish mumkin), aynan ishlab chiqarish jarayoni ko‘p vaqt hamda mehnat talab qiladigan, ma’lum mahoratni chuqur o‘rganishga bag‘ishlangan videokurslar belgilangan narxlarda sotiladi”.
“Hozirda saytimizda 24 ta (171 soat) to‘liq videodarslik, 50 dan (241 daqiqa) ortiq bepul videodarslar mavjud. Videodarslarimiz foydalanuvchilarda katta taassurot qoldirdi, “Ziyonet”, Utube.uz, Mover kabi portal va videoservislarda minglab marotaba tomosha qilindi”, — deydi B.Muhiddinov.
Videodarslar ham, videokurslar ham bir necha turkumga bo‘lingan (“Ofis dasturlarida ishlash”, “Kompyuterda ishlash”, “Internet bilan ishlash”, “Ingliz tilini o‘rganish” kabi). Videodarslarda alohida holatlar bir dars sifatida o‘tilsa, ma’lum dasturni to‘laqonli o‘rganishga bag‘ishlangan videokurslar yana alohida darajalarga ajratilgan: “O‘qituvchilar uchun Word”, “Talabalar uchun PowerPoint”, “Hisobchilar uchun Excel” kabi.
“Eng asosiy maqsadimiz — odamlar hayotini, ularning yashash, o‘qish va ishlash tarzini zamonaviy texnologiyalar, yuqori darajadagi bilim, mahorat, tajriba, sifatli mahsulotlarimiz hamda professional xizmatlarimiz orqali yanada osonlashtirish, yanada yuksaltirish va yangi daraja olib chiqishdir”, — deyiladi Videokent loyihasi saytidagi murojaatda.

Новости